MAN haqida

 

«JV MAN Auto-Uzbekistan» O'zbekiston-Germaniya qo'shma korxonasi 2009 yilning 9 avgustida Vazirlar Mahkamasining 07.08.2009 yildagi 224-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan.

O'zbekiston tomonidan muassis hisoblangan "O'zavtosanoat" aktsiyadorlik kompaniyasi hamda Germaniyaning dunyoga mashhur "Man Truck&Bus Group" kompaniyasi hamkorligida yurtimizda og'ir yuk ko'taradigan "MAN" avtomobillarini ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko'rsatish yo'lga qo'yildi.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil 16 fevralda qabul qilingan «Og'ir yuk ko'taradigan avtomototransport vositalarini ishlab chiqarishni kelgusida rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaroriga muvofiq, O'zbekistonda og'ir yuk tashuvchi MAN avtomobillarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko'rsatish kompleksi qurilishiga asos solindi.

 22 dekabr 2011 yilda Samarqand viloyati Jomboy tumanida MAN dilerlik va servis markazining ochilish marosimi bo'ldi.

Ushbu ixtisoslashtirilgan markazimizning malakali ishchilari bir yilda 1,5 mingdan ortiq yuk avtomobili va maxsus texnikani ta'mirlash hamda ularga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega. Kelajakda bu ko'rsatkichni yiliga 4 mingta yuk avtomobili va avtobusga etkazish ko'zda tutilmoqda.

2012 yilning 30 iyul kuni MAN rusumidagi tyagach, shassi va maxsus texnika ishlab chiqaradigan, MAN dilerlik va servis markazi yonginasida joylashgan yangi yig'ish zavodining ochilish marosimi bo'ldi.

MAN yuk avtomobillarining qudratini avtomobil va temir yo'llarni qurish hamda rekonstruktsiya qilish, shaharlararo yuk tashishda ko'rish mumkin. Ulardan “O'zavtoyo'l” aktsiyadorlik kompaniyasi, “GM Uzbekistan” AJ, “Maxsustrans” davlat unitar korxonasi, Farg'ona neftni qayta ishlash zavodi, “O'zbekiston temir yo'llari” aktsiyadorlik kompaniyasi, “Angren” logistika markazi, Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, “O'zdonmahsulot” ochiq aktsiyadorlik jamiyati, “12-trest” qurilish kompaniyasi, “Bekobodtsement” ochiq aktsiyadorlik jamiyati, Navoiy hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari va boshqa ko'plab korxonalar, jumladan, xususiy kompaniyalar samarali foydalanmoqda. Bugungi kunda zavodda tayyorlangan MAN yuk mashinalarini Andijon, Buxoro, Qarshi, Qo'qon, Navoiy, Namangan, Nukus, Samarqand, Toshkent va Urganch shaharlarida joylashgan korxonaning 14 ta dilerlik hamda servis markazida xarid qilish mumkin va ularda sifatli texnik xizmat ko'rsatilmoqda. Yaqin vaqt ichida bunday markazlar mamlakatimizning boshqa shaharlarida ham tashkil etiladi.

“JV MAN Auto-Uzbekistan” avtomobillari mustahkamligi, tejamkorligi va ishonchliligi bilan ajralib turadi. Kompaniya ishlab chiqargan mahsuloti uchun ikki yil kafolat beradi.